TURLI DELEGATSIYALAR BILAN UCHRASHUVLAR O‘TKAZILMOQDA

TURLI DELEGATSIYALAR BILAN UCHRASHUVLAR O‘TKAZILMOQDA

Avval xabar qilganimizdek, Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tayotgan Jahon hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkilotining 91-sessiyasida mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

Sessiya doirasida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Fransiya davlat veterinariya xizmati rahbari E. Subeyran bilan bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama muzokaralarda kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ikki mamlakatning soha universitetlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama etildi.

Fransiya tomonidan tashkil etilgan hayvonlar kasalliklarini boshqarishda bioxavfsizlik bo‘yicha trening kursida qatnashgan O‘zbekiston vakiliga sertifikat topshirildi va kelgusida mazkur kurs doirasida ko‘proq ishtirokchilarni jalb qilishga kelishildi.

Shuningdek, Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari A. Gumen bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda veterinariya va chorvachilik tarmoqlarida keng qamrovli hamkorlikni jadallashtirish, xususan parrandachilik, baliqchilik va echkichilikda qo‘shma ilmiy-tadqiqotlar amalga oshirish orqali chorva naslini yaxshilash bo‘yicha hamkorlik qilish masalasi muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Jahon hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkilotining Yevropa mintaqaviy vakolatxonasi rahbari B. Plavshich bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda shu yili Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Jahon hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkiloti Yevropa komissiyasining 31-konferensiyasiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi.

Jahon hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkilotining 91-sessiyasida Bosh direktor lavozimiga hamda Jahon hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkiloti kengashi, mintaqaviy va standartlar bo‘yicha komissiyalar a’zoligi uchun saylovlarda O‘zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etmoqda.