SIGIR ALLYEGRIK TOShMAGA ChALINGANLIGI MA’LUM BO‘LDI

SIGIR ALLYEGRIK TOShMAGA ChALINGANLIGI MA’LUM BO‘LDI

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida qoramollarda nodulyar dermatitga o‘xshash noma’lum kasallik tarqalayotgani xususida xabarlar tarqalgan edi.

Holat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi Ishchi guruhi va ichki ishlar idoralari mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘rganildi. Voqea joyi aniqlanib, holat nazoratga olindi.
Ya’ni, ijtimoiy tarmoqlarda rasm va videolari tarqalgan qoramol Izboskan tumani Anorzor MFY da yashovchi Xayrulla Eshonjonovga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Qoramol klinik ko‘rikdan o‘tkazilib, olingan qon va boshqa namunalar labaratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilganda ushbu sigir nodulyar dermatit yoki noma’lum kasallik bilan emas, allergik toshmaga chalinganligi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, sigirning terisiga bundan 24 kun muqaddam, ya’ni 15-iyun kuni allergik toshma toshgan. Bu haqda egasi mahalliy veterinariya mutaxassisiga murojaat qilgan.
Mutaxassislar klinik ko‘rikdan o‘tkazib, davolash ishlari olib borgan. Qoramolning ishtahasi o‘rniga kelgan. Umumiy holati yaxshilangan va allergik toshmalar yo‘qolgan. 18-iyun kuni ushbu sigir sog‘lom buzoq tuqqan. Hozirda sigir va bolasining umumiy holati yaxshi.
Surishtiruv davomida unga ozuqa orqali allergik toshma toshganligini egasi ham tasdiqladi. Xonadondagi qolgan 8 bosh qoramolda bunday holat kuzatilmagan.

Veterinariya va chorvachilikni
rivojlantirish qo‘mitasi
Axborot xizmati