Mirziyoyev BMT miqyosida Daryo ekotizimlarining butunligi deklaratsiyasini tuzishga chaqirdi

Mirziyoyev BMT miqyosida Daryo ekotizimlarining butunligi deklaratsiyasini tuzishga chaqirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonning Boku shahrida o‘tkazilgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida (COP29) nutq so‘zladi.
Davlat rahbari iqlim o‘zgarishlari bugungi kunda asosiy global tahdidga aylanib borayotganini, geosiyosiy ziddiyatlar kuchayishiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
“Ayniqsa, kambag‘allikka qarshi kurash, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, suv va resurslardan foydalanish muammolarini kuchaytirmoqda. Bularning asoratlarini Markaziy Osiyoda o‘tkir his qilmoqdamiz. Iqlim muammolari aholimizning turmush sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini ro‘yobga chiqarishda yangi to‘siqqa aylanmoqda. Parij bitimi doirasidagi bosh maqsadimiz – mintaqada havo haroratining jadal o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik va joriy yuz yillikda 1,5-2 gradus atrofida saqlab qolishdir. Bu borada biz O‘zbekistonda uglerod neytralligiga erishish bo‘yicha keng miqyosdagi islohotlarni qat’iy olib boryapmiz. 2030-yilgacha havoga isciqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga kamaytirishni reja qilganmiz. Bu majburiyatni 2050-yilga qadar yana-da kengaytirishga tayyormiz”, dedi Mirziyoyev.
Prezidentning ta’kidlashicha, “Yashil” energetika” ulushi 40 foizga yetkaziladi. Elektromobil va “yashil” vodorod klasterlari, quyosh va shamol generatsiya xablari yaratiladi, “Yashil makon” dasturi doirasida ko‘kalamzor hududlar keskin ko‘paytiriladi.
Shavkat Mirziyoyev konferensiyada global iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini birgalikda bartaraf etish bo‘yicha 5 ta taklifni ilgari surdi.
“Birinchidan, rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim xatarlarini aniqlash uchun yetakchi davlatlar va xalqaro institutlarning texnik ko‘magini kengaytirish dolzarbdir. Bu borada Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markaz ta’sis etishni taklif qilamiz.
Ikkinchidan, transchegaraviy suv resurslari ifloslanishining oldini olish va barqaror bioxilmaxilligini saqlashda yagona yondashuvlar zarur. Mintaqamiz misolida aytib o‘tmoqchimanki, bir avlod ko‘z o‘ngida Orol dengizining butunlay yo‘qolishi sayyoramiz miqyosidagi fojiaga aylandi. Shu o‘rinda biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Daryo ekotizimlarining butunligi va ekologik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani ishlab chiqish tarafdorimiz.
Uchinchidan, ko‘p tomonlama yetakchi tuzilmalar ishtirokida o‘simliklarning iqlim o‘zgarishlariga chidamliligini oshirish uchun Genetik resurslarning mintaqaviy bankini ishga tushirishni reja qilganmiz. Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan davlatlar uchun yurtimizda Birlashgan Millatlar Tashkilotining innovasion agrosanoat xabini yaratish tashabbusini ilgari suramiz.
To‘rtinchidan, iqlim o‘zgarishlaridan zarar ko‘rayotgan megapolis va shaharlarning barqaror rivojlanishi bo‘yicha ilg‘or bilim va amaliyotlar transferi uchun Jahon iqlim poytaxtlari alyansini tashkil etishni va uning birinchi forumini Toshkentda o‘tkazishni taklif qilamiz.
Beshinchidan, kelgusi yili 15-may – Xalqaro iqlim kunida Orolbo‘yi mintaqasida o‘tkaziladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivalida davlatlaringiz vakillarini kutib qolamiz”, dedi prezident.
Davlat rahbari, O‘zbekiston umumiy farovonlik va “yashil” taraqqiyot yo‘lida ochiq muloqot va sheriklikka doim tayyor ekanini yana bir bor ta’kidladi.