Davlatimiz rahbarining “Chorvachilik tarmog‘i va yaylov xo‘jaligini zamonaviy boshqaruv tizimi va yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq endilikda chorvachilik va uning tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan qator imtiyoz va qulayliklar beriladi.
Jumladan, 2027-yil hosilidan boshlab yer ijara shartnomasiga asosan qishloq xo‘jaligi tashkilotlaridagi paxta va boshoqli don joylashtirilishi nazarda tutilgan yer maydonlarining 50 foiziga ozuqabop ekinlarni joylashtirishga ruxsat etiladi.
Paxtachilik, g‘allachilik va (yoki) chorvachilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarga ijaraga berilgan, jami maydoni 10 gektardan kam bo‘lmagan va yaxlit kontur maydoni 2 gektardan ko‘p bo‘lgan sug‘oriladigan yerlarning 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan qismidan ruxsat etilgan foydalanish turini ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasiga asosan chorva mollari va chorva uchun ozuqani saqlash va ko‘paytirish turiga o‘zgartirishga ruxsat beriladi.
«O‘zdaverloyiha» DILI tomonidan ishlab chiqilib, tuman hokimi tomonidan tasdiqlanadigan ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasi ushbu yer uchastkasida kapital qurilish obyekti hisoblangan chorva mollari va chorva uchun ozuqani saqlash va ko‘paytirishga ixtisoslashgan bino va inshootlarni qurish uchun qurilishga ruxsat berishga doir hujjatlarni olish uchun murojaat qilish huquqini beradi.